"Sofiya" nashriyoti chop etgan "Alkimyogar" romanining birinchi nashrini qo'lga olib, chin dildan quvondim. Bir necha yil mobaynida rossiyalik tashabbuskor kitobxonlar bu kitobni imkon darajasida yoyishga urinishdi - Internetga joylashdi, qo'lbola kitob shaklida tayyorlab almashib o'qishdi, asar matnining fotonusxasini chiqarishdi. Biroq barcha sa'y- harakatlarga qaramay, turli bahonayu sabablar bois, hozirgacha "Alkimyogar"ni kitob tarzida nashr etib, bozorga olib kirishning iloji bo'lmagan edi. Mana, nihoyat uni nashr qilib, talab darajasida tarqatishga jur'at etadigan nashriyot chiqib qoldi. Romanda hikoya qilingan cho'pon bola Santyagoning sayohati bilan bog'liq voqealar asosida yotgan tub ma'no-mazmun - bu "O'z Taqdiring" tushunchasidir. "O'z Taqdiring" nima degani? Bu Xudo tomonidan bizga buyurilgan, umrimiz mobaynida ado etishimiz lozim bo'lgan oliy majburiyat, har qaysimizning bosib o'tadigan o'z yo'limizdir. Biz har safar biror-bir amalni quvonch va hafsala bilan bajarganimizda, O'z Taqdirimizga mos tarzda ish tutgan bo'lamiz. Biroq yorug' orzu-niyatlarga peshvoz chiqishday baxtga erishmoq uchun bu yo'ldan matonat bilan o'tish har kimga ham nasib etavermaydi. Xo'sh, nima uchun hammaning ham istak va orzulari ushalavermaydi? Bunga to'rtta to'siq xalal beradi. Birinchisi shundan iboratki, go'daklik paytdayoq, hayotda erishishni juda istagan narsalarga intilganimizda, yo'q, bu narsalarga erishib bo'lmaydi, degan gapni quloqqa quyib qo'yishadi. Bola: harchand urinmay, baribir o'zim xohlagan narsaga erisholmayman, degan fikr bilan ulg'ayadi. Shu tariqa, yillar mobaynida qalbida turli xil shubha-gumonlar va qo'rquvlar ildiz otadi, umidsizlik va aybdorlik tuyg'usi kuchayib boradi. Va bir kun kelib, O'z Taqdirini yashash istagi shu og'ir yuk ostida qolganini anglaganda, o'ziga in'om etilgan oliy imkonni yo'qotib qo'yganday tuyuladi. Biroq aslida bu imkon uning qalbida yashayotgan bo'ladi. Shunga qaramay, kishi qalbi tubidagi orzu-niyatini yuzaga chiqarishga, amalga oshirishga bel bog'lab kirishguday bo'lsa, uni yana bir sinov kutadi: bu- sevgi, mehr- muhabbatdir. Kishi hayotda nimaga erishmoqchi ekanini yoki qanday sinovlarga bardosh bera olishini biladi, biroq orzusiga yetish uchun hamma narsadan voz kechsa, oqibatda o'z yaqinlariga ozor yetkazib qo'yishdan qo'rqadi. Inson mehr-muhabbatning orzu yo'lida to'siq emasligini tushunmaydi, zotan, sevgi xalal bermaydi, balki aksincha, harakatga rag'bat uyg'otadi. Faol insonga chindan yaxshilikni ravo ko'radigan, unga doimo yelkasini tutishga shay odam uni tushunishga va qo'llab-quvvatlashga tayyor bo'ladi. Kishi sevgining to'siq emas, balki tayanch ekanligini anglab yetgan chog'da, unga uchinchi to'siq xavf soladi: bu - omadsizlik va mag'lubiyatlardan qo'rqish tuyg'usi. O'z orzulari yo'lida kurashayotgan odam boshqalardan ko'ra kuchliroq zahmat chekadi, harakatlari zoe ketayotgan damlarda esa u, odatdagiday, "bo'lsa bo'lar, bo'lmasa g'ovlab ketar", degan maslakka iyak suyamaydi. Aslida ham, u aynan orzu yo'liga o'zini butunlay baxshida etganini anglaydi. Shuningdek, u O'z Taqdiri belgilagan yo'l barcha yo'llar kabi mashaqqatli ekanini anglaydi. Oradagi farq shundaki, u tanlagan yo'l olib boradigan manzil o'zgacha - bu manzilda yurak javhari mavjuddir. Shu bois Nur Askari eng og'ir damlarda suv va havodek zarur sabr - qanoatga ega bo'lishi va doimo borliq Olam chorasiz, o'ta tang vaziyatlarda ham uning orzulari amalga oshishiga yordam berajagini yodda tutmog'i kerak.
Siz: bu yo'lda mag'lubiyatlarning, omadsizliklarning ham nafi tegadimi, deb so'rarsiz. Nafi bormi, yo'qmi, bundan qat'i nazar, ular ro'y beradi. Inson o'zining orzu-istaklari yo'lida kurashni boshlagan paytda, tajribasizligi tufayli, ko'plab xatoliklarga yo'l qo'yadi. Biroq borliqning mohiyati ham shunda-da, yiqilganni yer ko'taradi, deganlaridek, necha bor yiqilmang, har gal oyoqqa turib olish zarur.
Modomiki, bizning boshqalarga qaraganda ko'proq aziyat chekishimizga to'g'ri kelar ekan, O'z Taqdir yo'limizdan yurishimiz shartmi, deb so'rashingiz mumkin. Bu shuning uchun ham zarurki, omadsizliklar va mag'lubiyatlar ortda qolgach- ular oxir-oqibat baribir ortda qoladi,- biz to'la-to'kis baxt tuyg'usini anglab yetamiz va o'zimizga ishonchimiz yanada ortadi. Qalbimizning tub-tubida boshimizdan kechirgan g'aroyib hodisalarga munosib ekanimizga ishonch hosil etamiz. Hayotimizning har bir kuni, har bir soati- bu Sharafli Jang daqiqalaridir. Vaqt o'tishi bilan biz hayotning har bir lahzasini quvonch bilan qabul qilish va undan huzur-halovat tuyushni o'rganib boramiz. Kutilmaganda boshimizga tushadigan og'ir g'am-qayg'u chidasa bo'ladiganday tuyuladigan, nisbatan yengil tashvishlarga qaraganda tezroq o'tadi: nisbatan yengil tuyulgan mushkulotlar bir necha yillarga cho'zilishi mumkinki, ular o'zining og'ir asoratlarini qoldirgancha, eng oxirgi nafasimizgacha hayotimizga soya solib, qalbimizni muttasil, sezdirmay kemiradi.
Xullas, inson qalbi tubidagi orzu-niyatlarini yuzaga chiqarish yo'lida kechgan mashaqqatli kurashlarning yurakda qoldirgan jarohatlari izini payqamay, yillar mobaynida umidini yurak tafti bilan oziqlantirib, umr bo'yi intilganiga erishadigan fursat yetganda - ko'ngil istaklari amalga oshishi ayon, ehtimol, ertaga orzusi ro'yobga chiqishiga ishonchi komil bo'lganda - xuddi shu pallada uni so'nggi to'siq kutadi: bu - butun hayoti davomida unga hamroh bo'lgan orzulari ijobatidan qo'rquv hissidir. Oskar Uayld yozganiday, "odamlar doimo eng yaxshi ko'rgan narsalarini vayron qiladilar". Haqiqatan ham shunday. Umr bo'yi orzu qilgani nihoyat ro'yobga chiqa boshlaganini anglash hissi inson qalbini aybdorlik tuyg'usiga chulg'aydi. Tevarak-atrofga boqib, u ko'plab kishilar istaklariga yetolmaganiga guvoh bo'ladi va shunda o'zi ham bunday g'alabaga munosib emasligini o'ylay boshlaydi. O'z orzusi yo'lida qancha qiyinchiliklarni boshdan kechirganini, ko'p narsani qurbon qilganini unutadi. Men hayotda O'z Taqdirlari yo'lidan yurib, mashaqqatlar chekib, katta maqsadlariga erishishlariga atigi ikki qadam qolganida - eng oxirgi daqiqalarda talay ahmoqliklarga yo'l qo'yishgan odamlarni uchratdim. Oqibatda ularning, qo'l uzatsa yetguday, amalga oshaman deb turgan orzu-niyatlari oqlanmay qolib ketgan.
Xullas, ana shu to'rt to'siqning orasida bu - so'nggisi eng makkor to'siq, chunki u allaqanday sirli-muqaddas pardaga burkangan - orzular ijobatining quvonchlariyu, g'alaba samaralaridan bahramandlikning kushandasi. Inson mislsiz kurashlar evaziga erishgan g'alabasiga o'zining munosib ekanini anglab yetganda Yaratganning inoyatiga doxil bo'ladi va unga bu joyda, Yerda umrguzaronlik qilayotganining asl mohiyati ochiladi.
"Alkimyogar" romanida, ramziy shaklda, mana shular haqida hikoya qilinadi.

Paulo KOELO 2000 yil, iyul